Keling, bir boshdan aytib beraman.
Bir do‘stim bor. Onalari kosmetolog. Bir kuni undan:
— Oyizdan so‘rab bering-chi, yuzimga chiqadiganlarni qanday yo‘qotsam bo‘ladi? — deb so‘radim.
Javob esa ko‘p kuttirmadi: ko‘p hollarda bunga shakar sabab bo‘lishi mumkin ekan.
Yuzi tiniq va chiroyli bo‘lgan bir tanishim ham bor. Yaqinda bilsam, u 9 oydan beri shakarsiz yashab kelayotgan ekan.
Buni bilgach, men ham shunaqa challenge qilib ko‘rishga qaror qildim. Va boshladim.
“Shakarsiz” deganda, butunlay shakardan voz kechmadim. Bu deyarli imkonsiz. Masalan, mevalarda tabiiy ravishda shakar bor. Men shunchaki mahsulotlarga qo‘shiladigan qo‘shimcha shakardan voz kechib, o‘zimni 30 kun sinab ko‘rdim.
Natijalar esa meni hayron qoldirdi.
Dastlabki kunlar
Avvaliga hammasi qiyin bo‘ldi.
Men kabi tajribasiz challenge ishtirokchisi uchun ko‘p narsa noaniq edi. Ba’zi mahsulotlarda shakar bor-yo‘qligini birdaniga bilolmasdim. Shu sababli dastlab bilmasdan shakar qo‘shilgan mahsulotlarni yeb qo‘yaverdim.
Lekin buni o‘zimcha shunday qabul qildim: bilmasdan yeb qo‘ygan bo‘lsam, challenge buzilmadi. Xuddi, ro’zadorning ro’zasi qasddan yemasa, ochilmagandek.
Birinchi besh kun shunday o‘tdi. Keyin esa sekin-sekin ko‘nika boshladim.
10-15 kundan keyin
Taxminan 10-15 kunlarda yuzimdagi ba’zi husnbuzarlar yo‘qola boshladi.
Ammo bu meni unchalik hayron qoldirmadi. Chunki buni kutgandim.
Lekin men kutmagan boshqa bir o‘zgarish yuz berdi.
Tabiiy shakar menga juda shirin tuyula boshladi.
Mevalarning ta’mi avvalgidan ancha kuchli sezilardi. Hatto bir kuni shunchalik shirin tuyulganidan butun boshli tarvuzni paqqos tushirdim.
Buni haligi tanishimga aytsam:
— Endi hamma narsa shirinroq tuyiladi. Hamma narsaga, hamma mevalarga maza kiradi, — dedi.
Haq gap.
Lekin eng qizig‘i shundaki, bu maza oldindan ham bor edi. Men shunchaki uni his qila olmayotgan ekanman.
Hayotim qo‘shimcha shakar ustiga qurilgan ekan. Tabiiy narsalarning asl mazasini unutib qo‘ygan ekanman.
Qo‘shimcha shakardan uzoqlashganingiz sari tabiiy shirinlikning o‘zi yana shirin tuyula boshlarkan.
Shakar aslida qancha?
Oddiy misol.
0,5 litr Coca-Cola’da taxminan 53 gramm shakar bor.
Amerika Yurak Assotsiatsiyasi (AHA) tavsiyasiga ko‘ra, kuniga qo‘shilgan shakar miqdori erkaklar uchun taxminan 36 gramm, ayollar uchun esa 25 grammdan oshmasligi ma’qul.
Demak, yarim litr kola ichishning o‘ziyoq bu miqdordan oshib ketishi mumkin.
Shakarni muntazam ravishda ko‘p iste’mol qilish esa:
• Tishlarga zarar yetkazishi mumkin. Og‘izdagi bakteriyalar shakarni kislotalarga aylantiradi va bu tish emirilishiga olib keladi.
• Vazn ortishiga hissa qo‘shishi mumkin. Ayniqsa shakarli ichimliklar ko‘p kaloriya berib, odamni unchalik to‘ydirmaydi.
• 2-tur diabet xavfi bilan bog‘liq. Ayniqsa shakarli ichimliklarni ko‘p iste’mol qilish ortiqcha vazn bilan birga kelganda.
• Yurak-qon tomir salomatligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Ko‘p miqdorda qo‘shilgan shakar iste’moli yurak-qon tomir kasalliklari xavfi bilan bog‘liq.
• Jigarda yog‘ to‘planishiga hissa qo‘shishi mumkin. Ayniqsa qo‘shilgan shakar va fruktozani ortiqcha iste’mol qilishda.
• Qondagi glyukoza darajasini tez oshirishi mumkin. Shirin ichimliklar tez hazm bo‘lgani uchun qondagi glyukoza va insulin darajasi tez ko‘tariladi.
• Sog‘lom ovqatlarning o‘rnini egallashi mumkin. Ko‘p shirinlik iste’mol qilsangiz, oqsil, kletchatka, vitamin va minerallarga boy mahsulotlar uchun ratsionda kamroq joy qoladi.
Lekin bitta muhim farq bor
Mevadagi tabiiy shakar bilan Coca-Cola yoki konfetdagi qo‘shilgan shakarni bir xil deb bo‘lmaydi.
Butun meva tarkibida kletchatka, suv, vitaminlar va boshqa foydali moddalar ham mavjud. Shuning uchun “shakar bor ekan, demak meva ham zararli” degan xulosaga kelish noto‘g‘ri.
Gap shunchaki shakar bor-yo‘qligida emas, uni qaysi manbadan va qancha miqdorda olayotganimizda.
Xulosa
Men shakarni “shirin zahar” deb atashni xohlayman.
Lekin bu iborada bir muammo bor: zahar odatda achchiq bo‘ladi.
Shakar esa aksincha, juda yoqimli.
Balki uning eng xavfli tomoni ham shunda: zararini sezmay, uni qayta-qayta iste’mol qilaveramiz.
30 kunlik challenge’ni boshlaganimda, shunchaki yuzimdagi husnbuzarlar kamayishini kutgandim.
Lekin bundan ko‘ra qiziqroq natijani oldim:
tabiiy ne’matlarning ta’mini qaytadan his qila boshladim.
Endi nima qilaman?
Challenge 30 kunlik edi. Endi esa nima qilmoqchiligimni aniq bilmayman.
Ochig’ini aytsam, tezroq muzqaymoq yegim kelyapti.
Balki, ba’zi narsalarga, masalan, muzqaymoqqa, qat’iy cheklov qo‘ymasdan davom etarman.
Balki, vaqti-vaqti bilan cheat day qilib ko‘rarman.
Hali bilmayman.
Lekin bir narsani 100% ayta olaman: bu challenge hayotimni yaxshiroq qildi.

Sometimes we don’t want the original taste of things, it gives us an easier dopamine hit, even though that temporary comfort may eventually harm us)
At the end, sugar-free life is much more lively once a person get used to it<_>
Men ham anchadan beri shakar yemayapmanu lekn aynan nmada boru nmada yoqligi haqida malumotim kam edi.
Lekin chindan shakarli ichimliklar ham òta shirin tuyula boshlarkan,as you said.)