Atrofga qarasangiz, hamma narsani premium versiyasi borligini ko’rasiz.
Telegram premium, Youtube premium, hatto o’zimizni startup Scoreup.uz da ham premium bor...
O’ylab qoldim: balki bizning ham o’zimizning inson sifatidagi premium versiyamiz bo’lishi kerakdir?
“Qahramonlaring bilan hech qachon ko’rishma” (Never meet your heroes) degan gapni eshitgandirsiz. Bunga asosiy sabab odamlar o’z qahramonlari bilan ko’rishganida ularning ham oddiy odam ekanligini, xato qilishini va nuqsonlari borligini ko’rib, ularga bo’lgan hurmatlari yo’qolib ketishi mumkin. Hurmat qilmasa, ta’siri ham yo’qoladi va maslahatlari ham olinmaydi.
Aynan hozirgi ijtimoiy tarmoqlar davrida “bo’rttirib ko’rsatish” avjiga chiqqan. Eng kamida Rumiyning “Asling kabi ko’rin, yoki ko’ringaning kabi bo’l” ga amal qilishayotgandir.
Lekin savol tug’iladi: Biz ko’ringanimizdan ham yaxshiroq bo’la olamizmi?
Ko’p odamlar tashqaridan piyolaga o’xshaydi. Bitta nigohda tubini ko’ra olasiz. Bunga intilishingiz ham shart emas, chunki hammasini ijtimoiy tarmoqlarda ko’rsatib qo’ygan. Oila a’zolaridan tortib, har kuni 24/7 nima qilishlarini ko’rsatib borishadi. Ular bilan na ko’rishishni, na suhbatlashishni qizig’i bor?
Lekin ba’zi turdagi boshqa odamlar bor. Ular Xitoyda yasalgan ko’zalarga o’xshashadi. Yuqoridan ko’rib, qancha chuqurligiga baho berolmaysiz. Tubini topolmaysiz. Faqat yuqori/yuzaki qismini ko’rsatishadi, xolos. Har suhbatingizda u insonga chuqurlashgandek tuyulasiz, lekin tubiga hech yetolmaysiz.
Muallif shunday odamlarning premium versiyasi bor deb hisoblaydi. Bu versiyani ommaga olib chiqishmaydi. Faqatgina yaqin bo’lsangizgina, sizga ham “dostup” ochiladi. Ulardek odamlarning mavjudligi biz ko’ringanimizdan ham a’loroq bo’la olishimizni isbotlaydi.
Shunday ekan nega bizning ham premium versiyamiz bo‘lmasligi kerak?
Hamma uchun bir xil versiyada yashashimiz shartmi?
Balki hammaga ko‘rinadigan bir versiyamiz, faqat yaqinlarimiz biladigan boshqa versiyamiz bo‘lishi kerakdir. Faqat yaqinlarimiz biladigan yoki eshitgan hazillarimiz, qiziqlasharimiz, pinhona amallarimiz, ehsonlarimiz, ilm yo’llarimiz, ustozlarimiz, tanishlarimiz, yutuqlarimiz…
Hamma bizning hayotimizga kira olishi mumkin. Lekin hamma ham uning ichki xonalariga kira olmasligi kerak. Kirgan taqdirda ham, kutganidan kamroq bo’lganimiz uchun hafsalasi pir bo’lmasin. Bizga bo’lgan hurmati tushishi o’rniga oshsin yoki eng kamida saqlanib qolsin.
Xulosa qilsak, premium versiya yolg‘onroq versiya emas. Aksincha, u eng haqiqiy versiyadir. Faqat unga obuna pul bilan emas, ishonch, vaqt va yaqinlik bilan olinadi.



Ustoz Aziz Raximovdan eshitgandim. Kengroq yoritib beribsiz, raxmat. Yana kutib qolamiz
Ayni vaqtda eshitishim kk boʻlgan insho boʻlibdi kattakon rahmat