“Your network is your net worth” (“Sening tanish-bilishing = sening daromading”) degan gapni eshitgan bo‘lsangiz kerak. Shu va shunga o‘xshash gaplardan ilhomlanib, minglab odamlar tanish-bilish orttirishga harakat qilayotgani hech kimga sir emas. Hatto bu ehtiyoj darajasiga ham yetibdi shekilli, endi reklamalarga ham suqilib kiryapti.
Masalan, men ko‘rgan oxirgi reklamalardagi so’zlariga qaraylik:
“Qiziqarli o‘yinlar, networking va dildan suhbatlar.”
“Chegaralarni ortda qoldiraylik va networkingni yangi darajaga ko‘taraylik!”
“Nimalar sizni kutyapti: networking o‘yinlari…”
Bundan tashqari, Telegramimda nomining oldida “networking” so‘zi bor guruhlarda ham allaqachon bor ekanman.
Xo‘p, o‘zi nega bu so‘zni yomon ko‘rib qoldim?
1. Odamlarga vosita sifatida qaraladi.
“Networking” so‘zi odamni maqsadga erishish vositasiga aylantiradi. Sen do‘st orttirmayapsan, balki “kontakt” yig‘yapsan. So‘zning o‘zi ham texnikadan olingan: tarmoq, tugunlar, ulanishlar. Bu esa insoniy munosabatlarni tasvirlashning ancha sovuq usuli.
2. Sun’iylik, o‘ynalgan rol.
Networking tadbirlarida hamma o‘zini biroz boshqacha tutadi: oldindan tayyorlangan javoblar, rasmiy tabassum, “keyin kim bilan gaplashsam ekan?” degan o‘ylar. Ko‘pchilik buni sezadi va bu charchatadi.
(Networking bor joyda dildan suhbatlar bo‘lmaydi.)
3. So‘z haddan tashqari ko‘p ishlatilib yuborilgan.
LinkedIn postlari, “shaxsiy brend” maslahatlari, “tanishlaring — boyliging” qabilidagi shiorlar... Juda baland ovozda takrorlangan maslahat, hatto to‘g‘ri bo‘lsa ham, oxir-oqibat manipulyatsiyaga o‘xshab qoladi.
Gap aslida so‘zning o‘zida ham emas. Odamlarning ishlarida.
Tanish-bilish orttirish uchun qaysidir tadbirga borish, sayohatga chiqish yoki qaysidir gaplarni aytish menga niqob taqishga o‘xshab tuyuladi. Judayam sun’iy.
Haqiqat shundaki, o’sha biz “networking” deb ataydigan hodisa faqat tenglar orasida bo’ladi.
Kimningdur kontakti sizda bo’lishi yoki u inson bilan rasmingiz profilingizda turishi u insonni tanishingizni anglatishi mumkin. Ammo u inson ham sizni taniydimi? Sms yozsangiz, javob keladimi? Zarur qo’ng’iroq bilan telefon qilsangiz ko’taradimi? Iltimosingiz bo’lsa, yordam berishadimi? “Networking — bu sen qancha odamni tanishing emas, balki qancha odam seni tanishidir”, deydi bir amerikalik asoschi.
Shu yergacha yozib kelganda tushunib qoldim, men kontaktlar yig’ishdan ko’ra do’st orttirish tarafdori ekanman. Ammo unda ham jarayonga bosim o’tkazishni xohlamas ekanman. Chunki eslab ko’rsam, birorta do’stim bilan tanishish uchun niqob taqishimga ehtiyoj bo’lmagan ekan.
Kontakt emas, do’st orttirish haqida ham batafsil yozmoqchi edim. Insho cho’zilib ketar ekan. Keyingi safar yozarman…

Qo'shilaman 100 %
100% qo’shilaman.