Tasavvur qiling, yangi telefon sotib oldingiz. Lekin unda qo‘ng‘iroq qilish funksiyasi yo‘q.
G‘alati, a?
Axir telefon yaratilishining asosiy maqsadi shu-ku. Har qanday telefondan qo‘ng‘iroq qilish mumkin bo‘lishi kerak.
Undagi yaxshi kamera, uzoq muddatga yetadigan quvvat yoki chiroyli dizayn esa qo‘shimcha afzalliklardir. Aynan shulariga qarab biz telefonlarni bir-biridan ajratamiz va baholaymiz.
Odamlarda ham shunday, aslida.
Bir insonning namoz o‘qishi qoyil qoldiradigan zamonlarga kelib qoldik.
Bu axir eng asosiy majburiyatlardan biri emasmidi?
Bir qizning hijob o‘rashi qachondan beri uning ibo-hayoli va go‘zal axloqiga dalil bo‘lib qoldi?
Bu unga shart edi-ku.
Nega majburiyatini bajarayotgan odamlardan hayratda qolyapmiz? Axir majburiyatni bajarmaslik uyat bo‘lishi, malomatga qolishi kerak emasmi?
Ahvolimiz ancha yomon.
Majburiyatlarni fazilat deb ko‘ryapmiz.
Natijada esa haqiqiy fazilatlardan e’tiborimiz chetda qolyapti.
Yaxshi insonga ta’rif berish so‘ralsa, «Iymonli, namoz o‘qiydi, soqoli/hijobi bor», deb qo‘ya qolamiz.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu huzurlarida bir kishi boshqa bir odamni yaxshi deb maqtaydi.
Shunda Umar undan so‘raydilar:
— U bilan safar qilganmisan?
— Yo‘q.
— U bilan oldi-berdi qilganmisan?
— Yo‘q.
Shunda mazmunan:
«Unda sen uni qayerdan taniysan? Balki uni masjidda namoz o‘qiyotganini ko‘rgandirsan», deydilar.
Ya’ni, bir insonning namoz o‘qishi kabi majburiyatlar uning yaxshi inson ekanini to‘liq isbotlash uchun, o‘z-o‘zicha, yetarli emas. Lekin agar majburiyat ixlos va muhabbat bilan bajarilsa, u ham fazilatga aylanishi bor gap.
Ammo insonning asl fazilatlari ko‘pincha u majburiyatini bajarayotgan paytda emas, sinovga tushganida bilinadi.
Pulga munosabatida.
Omonat oldidagi mas’uliyatida.
G‘azablanganida.
O‘zidan kuchsizlar bilan muomalasida.
Manfaati to‘qnashganda.
Hech kim ko‘rmayotgan paytdagi halolligida.
Majburiyat minimumdir.
Insonni esa ko‘pincha minimumdan keyin qiladigan ishlari tanitadi.
Meni fikrimcha kimgadir baho berish aslida o‘sha baho berilayotgan inson qandayligini emas, o‘zimiz qanday fikrlashimizni ko‘rsatadi. Albatta, siz aytayotgan majburiyatlar Alloh tomonidan bizga allaqachon buyurilgan. Ammo fikrimiz qanday shakllanishi va uni qaysi tomonga burishimiz o‘z qo‘limizda. Muammo majburiyatini bajarayotgan yoki bajarmayotgan insonning o‘zida emas. Muammo biz ularga qanday baho berayotganimizda. Demak, nuqson avvalo o‘zimizda. O‘z dunyoqarashimizni, fikrlash tarzimizni to‘g‘rilashimiz va odamlarni to‘g‘ri qabul qilishni o‘rganishimiz kerak.Birovning hijobsiz yurganini yoki namoz o‘qimayotganini ko‘rish uni boshqa bir hijobli yoki namozxon insondan ustun qo‘yish degani emas. Xuddi shuningdek, tashqi ko‘rinish yoki bitta amal asosida insonning butun shaxsiyatiga hukm chiqarish ham to‘g‘ri emas.
Xulosa oddiy, inson avvalo boshqalarga baho berishdan oldin o‘zini to‘g‘rilashi kerak. Eng avvalo o‘z fikrlashini. Chunki odamlarni qanday ko‘rishimiz ham, ularga qanday baho berishimiz ham aslida ichimizdagi dunyoqarashning aksidir.
Assalomu alaykum ustoz
Fikrlarni bir maromda yetkazib berish ham ne'mat
Juda chiroyli va manfaatli maqola bolibti🔥