Bu insho yillar davomida yig‘ilib kelgan dard bilan yozilyapti. Hozir shu so‘zlarni yozayotgan paytimda ham sartaroshim 40 daqiqaga kech qolyapti…
Muallif har safar kimdir kech qolsa, «Hammamiz insonmiz, bo‘lib turadi», deb yengil qarardi. Lekin ishlarim ko‘payib, vaqtim kamayib borayotgan sari quyidagi xulosaga kelyapman:
Bir marta kech qolish tasodif yoki vaziyat tufayli bo‘lishi mumkin. Ikkinchi marta kech qolish, balki, tanlovdir. Uchinchi marta ham takrorlansa, bu endi xarakter! Uning o‘zgarishi esa yozda qor yog‘ishidek kamyob.
Lekin qachongacha vaqtimizni shunday behuda tarqatib yuramiz? Axir mo‘min kishi bir teshikdan ikki marta chaqtirmaydi-ku.
Seneka ham bundan qariyb 2000 yil oldin shunday degan edi:
«Biz boshqalarga vaqtimizni shunchalik oson tarqatamizki, o‘zimiz uchun hech narsa qolmaydi. Lekin eng qimmatli narsa bizning o‘zimizga tegishli bo‘lgan vaqtimizdir».
Tasavvur qiling: meni ruxsatimsiz million so‘m pulimni o‘g‘irladingiz. Men sizni sudga berdim, qozi aralashdi va pulimni qaytarib berdi.
Keling, avval lug‘atdan «o‘g‘ri» so‘zining ma’nosini ko‘ramiz. O‘g‘ri — birovning molini yoki buyumini ruxsatsiz, bildirmasdan egallab olgan shaxs.
Lekin vaqtimizni ruxsatsiz o‘g‘irlashsa, kim undirib beradi? Kech qolgan odam uni qanday qilib qaytaradi? Iloji bormi o‘zi?
Agar buyum va molni umumiy qilib resurs deb olsak, eng qimmat va eng kamyob resursimiz bu vaqt.
Demak, kimdir bizni noo‘rin va ogohlantirmasdan kuttirsa, u vaqtimizning bir qismini olib qo‘yyapti. Vaqtimiz umrimizning bir qismi ekan, demak, u bizning umrimizdan ham o‘g‘irlayapti.
Shunday ekan, kech qoladiganlar umr o‘g‘rilarimi?
Bir kishi vaqtimizning 15 daqiqasini isrof qildi, degani — u bizdan 15 daqiqa qarz oldi, degani. Agar jamoa bo‘lib kutilsa, deylik, 10 kishi bo‘lsa, u 15 daqiqani emas, jami 150 daqiqani isrof qilgan bo‘ladi.
«Kech qoladiganlar bilan nima qilish kerak?» deb izlanib ham ko‘rdim.
Qadimda nimalar bo‘lganiga qiziqsam, qiziq ma’lumotlarga duch keldim. Shunday davrlar bo‘lganki, harbiy xizmatda intizomni buzish, buyruqqa bo‘ysunmaslik yoki vazifani bajarmaslik nihoyatda og‘ir jazolarga sabab bo‘lgan. Ayrim holatlarda hatto o‘lim jazosi ham qo‘llangan.
Balki bugungi kech qoluvchilar shunchaki jazosi yetarlicha jiddiy emasligi uchun o‘zgarishmayotgandir? Axir hozir hech kim 15 daqiqa kech qolgani uchun qatl qilinmaydi. Natijada insoniyat ham biroz yengil nafas oladi, kech qoladiganlar esa biroz ko‘proq kech qoladi.
Xo‘p, unda yechim nima?
Hozirgacha kech qoladiganlarni kuchli kinoya va hazillar bilan uyaltirishga harakat qilib ko’rdim. Unchalik foyda bermadi. O‘zlarining «vaqt o‘g‘riligi»ni tushunib yetishmayapti.
Endi yangi yechim topgandekman.
Agar kimdir pulimizni qarzga olsa, uni qaytarishi mumkin. Vaqtni esa qaytarib bo‘lmaydi. Shuning uchun, menimcha, ketkazilgan vaqtni qoplash mumkin.
Masalan, bir soat kech qoldimi? Bir soatlik ishimizni bepul hal qilib bersin.
Chunki o‘sha bir soat ichida biz o‘zimiz biror ishimizni bitirishimiz mumkin edi. Uning kechikishi sababli esa buni qila olmadik. Demak, vaqtni qaytarib bo‘lmasa ham, uning qiymatini qoplash mumkin.
Axir tejab qolingan pul ishlab topilgan pulga teng bo‘lishi mumkin. Demak, tejab qolingan vaqt ham qaytarilgan vaqtga teng bo‘lishi mumkin.
«Qarz munosabatni buzadi», deb aytishadi-ku. Agar qarzini vaqtida qaytarmaydigan bo‘lsa, balki o‘sha munosabatning buzilishi tabiiydir.
Va’dasida tura olmaydigan odam bilan munosabatdan kimga foyda?
Oddiy va’dalarida tura olmayotgan odam katta va’dalarida qanday turadi?
Axir, insonning bir ishni qanday qilishi ko‘pincha boshqa ishlarni qanday qilishini ham ko‘rsatadi.
Xullas, bundan buyog‘iga men bilan munosabatdagi kimdir kech qolsa, men uchun qoidalar shunday:
Birinchi safar — qattiq ogohlantiraman va qaytib kech qolmasligini aytaman.
Ikkinchi safar — yana kech qolsa, ketkazgan vaqtini biror ishimni hal qilib berish orqali qoplashini talab qilaman.
Uchinchi safar — bir daqiqa kech qolsa ham, kutmayman. Boshqa ishimga o‘tib ketaman. Balki bu munosabatimiz uzulishi uchun birinchi qadam bo’lib berar.
Chunki men ham endi bir narsani tushundim:
Vaqtni yo‘qotish shunchaki vaqtni yo‘qotish emas. Vaqt umrning o‘zi.
Shuning uchun birovning vaqtini qadrlamaslik — birovning umrini qadrlamaslikning juda kichik, lekin juda aniq ko‘rinishi. Vaqtingizni hurmat qilmagan, sizni ham hurmat qilmabdi. Bizni hurmat qilmaganlar bilan munosabatda esa kelajak yo’q.

Juda ogʻriqli mavzu. Bu masalada ishdagi smen almashishda qiyinchiliklarim bor. Siz aytgan metodni qoʻllashim uchun avval "yoʻq" deya olish koʻnikmasini shakllantirishim kerak ekan. Keyingi posr shu haqda boʻlsa zoʻr boʻlardi. Raxmat
Ilsholarni Aziz Rahimovdan ilhomlanib yozasizmi juda koʻpchilikda shuni sezganday boʻlaman boshqa insho yozadiganlarda ham