Bu inshoda do‘st orttirish va yaxshi do‘st bo‘lish haqida o‘zimning maslahatlarimni yozmoqchi edim. Keyin vijdonim gapirib qoldi: “O‘zi endi 20 ga kirgan bo‘lsang, hali yetarlicha hayot kuzatuving ham yo‘q, bu masalada yozishga loyiqmassan…”
Shunga ushbu inshoda o‘zimning tavsiyalarimni emas, balki tarixda yashab o‘tgan buyuk shaxslarning o‘gitlarini biroz mushohada qilamiz, Xudo xohlasa.
Avvalambor, “Do‘st o‘zi nega kerak?” degan savolga javobdan boshlaymiz.
Qariyb 2300 yil oldin dunyo podshohi Makedonskiyning ustozi bo‘lgan Aristotel shunday deydi: “Do‘stlarsiz hech kim hayotni tanlamaydi, hatto unga boshqa barcha ne’matlar berilgan bo‘lsa ham.” Buyuk yozuvchi Mark Tvenning ham mashhur gapi bor: “Yaxshi do‘st, toza vijdon va albatta, yaxshi kitoblar – ideal hayot uchun boshqa narsa kerak emas!”
Demak, do‘stlarning hayotimizda o‘ziga yarasha o‘rni bor ekan. Aristotel aytganidek, haqiqiy do‘stlik nafaqat hayotni go‘zal qiladi, balki unga mazmun ham beradi. U do‘stlikni uch turga ajratadi: foyda uchun, zavq uchun va eng oliysi — ezgulik uchun. Faqat oxirgi turi chinakam mustahkam bo‘lib, vaqt va sadoqat bilan quriladi.
Keling, uch turini ham ko‘rib chiqamiz.
1. Manfaat uchun do‘stlik (Tanish-bilish)
Odamlar bir-biridan foyda yoki xizmat ko‘rgani uchun o‘zaro bog‘lanadi. Bunday aloqalar amaliy foyda yoki manfaat yo‘qolishi bilanoq tugaydi. Bu o‘sha oldingi inshomizda eslab o‘tilgan “Networking qullari”ning sevimli do‘stlik turi.
Aslini olganda, bu turdagi do‘stlikning ham yomon tarafi yo‘q. Xalq tili bilan aytganda, sizdan ugina, bizdan bugina. Ammo buyuk faylasuf Senekaning ushbu turdagi do‘stlik haqidagi quyidagi gaplari mulohaza qilishga arziydi:
“Foyda keltirishiga qarab do’st bo’lganlar foyda kelib tursagina yonimizda bo’ladi. Shuning uchun ishi yurishayotganlar atroflarida ko’p odamlarni ko’rishadi. Yiqilganlar esa hech kimni. Do’stlar do’stliklarini isbotlashning ayni vaqti kelganida, qochib ketishadi. Shu sababli do’stlarini tark etganlarning hikoyalarini ko’p eshitamiz. Hatto xiyonat ham qilishadi. Hammasi qo’rquvdan bo’ladi.”
2. Zavq uchun do‘stlik (Ulfatlar)
Odamlar birgalikdagi ko‘ngilxushlik, hordiq yoki yoqimli his-tuyg‘ulardan zavq olgani uchun o‘zaro bog‘lanadi. Bunday aloqalar shaxsiy didlar o‘zgarganda yoki ko‘ngilxushlik tugaganda tezda so‘nib ketadi.
Muallif yillar oldin “Call of Duty Mobile” degan o‘yinga mukkasidan ketgan edi. O‘sha o‘yindagi o‘rtoqlarim bilan soatlab o‘yin o‘ynar edik. Hozir shu insonlarning 90 foizi, masalan, hayotimda yo‘q.
3. Ezgulik uchun do‘stlik (Qiyomatli do‘stlar)
Eng oliy shakl — bunda do‘stlar bir-birini asl qiyofasi uchun sevadi va bir-birining fe’l-atvori kamol topishini chin dildan tilaydi. Bunday do‘stliklar kam uchraydi, barqaror bo‘ladi va birgalikda kechirilgan hayotiy tajribalar orqali uzoq vaqt davomida shakllanadi.
Do‘stlikning aynan ushbu turi haqida Aristotel shunday deydi: “Mukammal do‘stlik — bu fazilatli va bir-biriga o‘xshash insonlar o‘rtasidagi do‘stlikdir; ular bir-biriga yaxshilik tilashadi va o‘zlari ham yaxshi insonlardir.”
Bunday do‘stlik uchun bir-birining yaxshiligini xohlaydigan, o‘zaro ishonch va hurmatga ega bo‘lgan insonlar kerak. Bu munosabatlar shunchaki manfaatga asoslanmagan, balki insonning o‘zi kim bo‘lishidan kelib chiqadi.
Yana Aristotel quyidagilarni aytadi: “Bunday do‘stlik kam uchraydi, chunki bunday insonlar oz; ular uchun vaqt va yaqinlik zarur — tuz totib bo‘lmaguncha bir-biringni tanimaysan.”
Shunday ekan, do‘stlarimizni tanlashda eng oliy mezon — ularning fazilatlari. Chunki haqiqiy do‘stlik faqatgina yaxshi insonlar o‘rtasida yuzaga keladi.
Muallifning maqsadi birinchi va ikkinchi turdagi do‘stlik haqida ko‘p gapirish emas. Birinchi va ikkinchi turlar uchinchi turdek bo‘lolmasligi mumkin. Lekin uchinchi turdagi do‘stlar kerak joyda ulfat yoki hamroh ham, kerak joyda yordamchi ham bo‘la oladi.
Shunday ekan, biz aynan mana shu turdagi do‘stlikni izlashimiz kerak.
Ammo savol tug‘iladi: ushbu turdagi do‘stlikning belgilari qanday bo‘ladi?
Endi Rim imperatorining maslahatchisi bo‘lgan Senekaga murojaat qilamiz.
Bir kuni shogirdi Lutsiliy Senekaga xat yozadi. Xatning boshida esa “Ustoz, xatni do‘stimni oldida o‘qimasangiz, ba’zi masalalarni u bilmagani yaxshi” kabi ma’noda gap yozilgan bo‘ladi.
Shunda Senekaning jahli chiqib, quyidagi uzun xatni javob sifatida yuboradi:
Sen menga maktublaringni bir “do’sting” orqali berib yuboribsan. Shu maktubning o’zidayoq undan ehtiyot bo’lishni, hamma gaplaringni unga aytmaslikni tayinlabsan. Shunday qilib, birinchi jumlada uni “do’stim” degan bo’lsang, ikkinchi jumlada undan tonibsan. Agar sen “do’st” so’zini shunchaki odob yuzasidan, masalan, ko’chadagi uchragan odamni “janob” deb ataganimizdek yoki tanimagan odamimizni “birodar” deganimizdek ishlatayotgan bo’lsang, mayli. Ammo agar sen o’zing to’liq ishonmaydigan odamni “do’st” deb hisoblasang, sen do’stlikning mohiyatini tushunmabsan. Sen do’sting bilan hamma narsani muhokama qilishing kerak, lekin undan oldin — do’stning o’zini muhokama qil (sinab ko’r). “Do’stlashganingdan keyin ishonishing kerak, lekin ishonishingdan oldin saralashing (hukm chiqarishing) lozim.” Odamlar ko’pincha hamma narsani teskari qilishadi: avval do’stlashib, hamma sirini aytishadi, keyin esa biror shubha tug’ilganda u odamni sinashga tushishadi. Uzoq vaqt o’yla: bu odamni do’stlar qatoriga qabul qilsammi yoki yo’qmi? Ammo qaror qabul qilganingdan keyin — unga butun qalbing bilan ishon. Uning yonida o’zing bilan yolg’iz qolgandek ochiq bo’l. Nega men do’stimning yonida biror gapimni ichimda saqlashim kerak? Nega uning huzurida o’zimni o’zimdan yashirishim lozim? Ba’zi odamlar borki, har qanday yo’lovchiga sirlarini aytib ketaverishadi, har qanday quloqqa ichidagilarni to’kib solishadi. Boshqalari esa aksincha, hatto eng yaqinlariga ham ishonishmaydi, hamma sirni ichiga yutib, o’zlarini qiynashadi. Ikkala yo’l ham xatodir. Chunki hamma narsaga ishonish — yengiltaklik, hech kimga ishonmaslik esa — qattiqqo’llik (yovuzlik) belgisidir.
Xatdan bir nechta xulosalarni olishimiz mumkin:
“Do‘st” so‘zini arzonlashtirmang. Kundalik hayotda biz tanishlarni ham, tasodifiy odamlarni ham odob yuzasidan “do‘st” deymiz. Bu xalq tilida mumkin, lekin haqiqiy do‘stlik bilan adashtirmaslik kerak.
Do‘stlikning o‘lchovi ishonchdir. O‘zingizga ishonganchalik ishonmaydigan odamni do‘st deb atasangiz, do‘stlik nimaligini tushunmagan bo‘lasiz. Bir odamni bir vaqtning o‘zida ham “do‘stim” deb, ham “undan ehtiyot bo‘l” deyish ziddiyatdir.
Ishonchni bilish uchun Umar ibn Xattob qo‘llagan mezonlardan foydalansak bo‘ladi:
oldi-berdi, ya’ni qarz yoki birga ishlab ko‘rish;
safar qilish;
balki, bir tom ostida vaqt o‘tkazish, ya’ni birga yashab ko‘rish.
(yoki qo’shni bo’lish)
Avval baholang, keyin do‘stlashing. Seneka Teofrastning qoidasini eslatadi: odamni do‘stlashishdan oldin sinash kerak. Ko‘pchilik esa teskarisini qiladi: avval do‘stlashib, keyin baho beradi. Natijada ko‘ngilsizlik va xiyonat yuzaga keladi.
Aynan shu baholash qismida mezonlarimiz aniq bo‘lishi juda muhim. Axir xalqimiz aytadi-ku, qozonga yaqin yursang, qorasi yuqadi… Mavlono Jaloliddin Rumiy ham shunday degandi: “Suhbatlashgan, o‘zingga do‘st tutgan odamga o‘xshab borasan”. Fanda buni “Mimesis” deyishardi, adashmasam.
Tanlashda sekin bo‘ling, qabul qilgach butun qalbingiz bilan ishoning. Kimnidir do‘st qilishdan oldin uzoq o‘ylang. Lekin qaror qilganingizdan keyin u bilan o‘zingiz bilan gaplashgandek ochiq gaplashing. Yarim ishonch bilan do‘stlik qurilmaydi.
Yashiradigan narsasi kam hayot kechiring. Seneka shunday yashashni maslahat beradi: dushmaningiz bilib qolsa ham uyalmaydigan ishlarni qiling. Shunda sir saqlash ehtiyoji o‘z-o‘zidan kamayadi. Maxfiy narsalar bo‘lsa ham, hech bo‘lmaganda tashvish va fikrlaringizni do‘stingiz bilan bo‘lishing.
Ishonch sadoqatni tug‘diradi. Do‘stingizga sodiq deb qarasangiz, uni sodiq qilasiz. Doimiy shubha esa aksincha ta’sir qiladi: aldanishdan qo‘rqqanlar boshqalarni aldashga o‘rgatib qo‘yadi, shubhasi bilan xiyonatga “ruxsat” beradi.
Haqiqiy do‘st yonida o‘zingizni yolg‘izdek erkin his qilasiz. Uning oldida so‘zlarni tanlab, niqob taqib yurish shart emas.
Xulosa qilsak, haqiqiy do‘stni topsak, ideal hayotga juda yaqin kelibmiz.
O‘zim ko‘p aytadigan bir gap ham bor: “Baxtsiz oilalar ko‘p, lekin baxtsiz do‘stlar yo‘q.” Chunki baxtsizlik ko‘pincha niqob taqishdan keladi. Do‘stlar bilan esa niqobga hojat yo‘q. Ularning oldida o‘zingizni boshqacha ko‘rsatishingiz, so‘zlaringizni o‘lchab gapirishingiz yoki qandaydir rol ijro etishingiz shart emas. O‘zingiz bo‘lib qolishingizning o‘zi kifoya.
Shunday ekan, sevgining ham eng oliy cho‘qqisi do‘stlik bo‘lsa kerak. Zero, sevgi yaqinlashtiradi, ammo do‘stlik insonni o‘z holicha qabul qiladi. Balki shuning uchun ham eng baxtli insonlar ko‘p narsaga ega bo‘lganlar emas, balki yonida niqobsiz o‘tirishi mumkin bo‘lgan bir necha insoni borlardir.

listen funksyasi yaxshi ekan
Great explanation